Tashkent International University of Education (TIUE) Qozon Federal universiteti (QFU, Rossiya) bilan taʼlim va ilmiy dasturlarni ishlab chiqish maqsadida hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.
Tashkent International University of Education rektori Nosir Xo‘jaev va Qozon Federal universiteti Elabuga instituti direktori Yelena Merzon oʻrtasida imzolangan oʻzaro anglashuv memorandumi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va ikki taʼlim muassasasi oʻrtasida taʼlim va fan sohalarida aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Imzolangan hujjat Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida 1995-yil 27-iyulda imzolangan “Oliy taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisida”gi hukumatlararo bitimini amalga oshirishga koʻmak beradi.
Memorandum doirasida taʼlim sohasida qoʻshma taʼlim va ilmiy dasturlar ishlab chiqish va amalga oshirish rejalashtirilgan. Tashkent International University of Education va Qozon Federal universiteti oʻrtasida oʻqitish, malaka oshirish va ilmiy-maʼrifiy faoliyatni rivojlantirish, jumladan, xalqaro akademik almashinuvni amalga oshirish maqsadida talabalar, oʻqituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvi amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, tomonlar taʼlim sohasida qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, qoʻshma innovatsion faoliyatni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Tomonlar, shuningdek, xalqaro taʼlim, ilmiy va ilmiy-texnik loyihalar, kongresslar, simpoziumlar, konferensiyalar, seminarlar tashkil etish, oʻquv va ilmiy adabiyotlar almashishni rejalashtirgan.
“Biz Qozon federal universiteti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganimizdan mamnunmiz, chunki bu universitetimiz rivojlanishi hamda ikki davlat oʻrtasida bilim va tajriba almashish uchun yangi istiqbollarni ochadi. Ishonchimiz komilki, qoʻshma taʼlim va ilmiy dasturlar muassasalarimizdagi taʼlim sifati va ilm-fan yutuqlari yuksalishiga olib keladi va umuman fan va taʼlim rivojiga hissa qoʻshadi”, — dedi TIUE rektori Nosir Xoʻjayev.
Qozon Federal Universiteti xalqaro reytinglarda 322-oʻrinni egallaydi va taʼlim, pedagogika sohalarida yetakchi oliygohlardan biri hisoblanadi.