
Beeline Uzbekistan va Toshkent xalqaro taʼlim universiteti (TIUE) sunʼiy intellekt (SI) texnologiyalarini oʻquv jarayonida qoʻllash hamda kiberxavfsizlik asoslariga bagʻishlangan taʼlim dasturini yakunladi. Dasturga 1 000 dan ortiq ariza kelib tushdi – bu kutilganidan deyarli ikki baravar koʻp. 750 dan ortiq pedagog oʻqishni muvaffaqiyatli yakunlab, malaka oshirish sertifikatlarini qoʻlga kiritdi.
Loyiha mamlakatda STEM taʼlimini rivojlantirish doirasida amalga oshirildi. Oʻqitish masofaviy tarzda, toʻrt hafta davomida jonli interaktiv sessiyalar shaklida olib borildi. Unda Oʻzbekistonning barcha hududlaridan davlat va xususiy maktablar, litsey, kollej hamda oliy taʼlim muassasalarining aniq fanlar – informatika, matematika va fizika – oʻqituvchilari ishtirok etdi.
Dastur doirasida SI yordamida darslar, topshiriqlar va testlar tayyorlash, murakkab mavzularni raqamli vositalar orqali tushuntirish, kod va algoritmlar bilan ishlash, oʻquvchilar xatolarini tahlil qilish, shuningdek, taʼlim muhitida kiberxavfsizlik kabi mavzular oʻrganildi.
«Beeline Uzbekistan raqamli taʼlim va umuman taʼlim sohasidagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga doim tayyor – biz uchun bu bir martalik loyiha emas, balki uzoq muddatli strategiyaning bir qismi. Biz allaqachon yangi hamkorlik tashabbuslari haqida oʻylayapmiz va bu hamkorlikni keyingi ishlarimiz uchun poydevor deb bilamiz. Shu oʻrinda samarali hamkorlik uchun yana bir bor minnatdorchilik bildirmoqchiman. Dasturga boʻlgan qiziqish rahbariyatimizni chindan ham hayratga soldi: dastlab biz taxminan 500 nafar ishtirokchini kutgan edik, biroq arizalar soni 1000 dan oshdi – bu shunday tashabbuslarga qanchalik ehtiyoj borligi va raqamli koʻnikmalarni rivojlantirishga sarmoya kiritishni davom ettirish naqadar muhimligining eng yaxshi isbotidir», – dedi Davlat tuzilmalari bilan hamkorlik boʻlimi boshligʻi Akmal Abdullayev.
«Bugungi kunda sunʼiy intellektni bilish raqamli savodxonlik kabi zarur koʻnikmaga aylanib bormoqda. Bizning vazifamiz – oʻqituvchilarga nafaqat bilim, balki taʼlimni zamonaviy, samarali va qulay qilishga yordam beradigan amaliy vositalarni ham berishdir. Biz bu loyihani Beeline Uzbekistan bilan birgalikda amalga oshirayotganimizdan xursandmiz – bu orqali biz kuchlarimizni birlashtirib, yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash va Oʻzbekistonning raqamli kelajagini shakllantirish ustida ishlayapmiz», – deb taʼkidladi TIUE rektori Nosir Xoʻjayev.
«Beeline Academy dasturi bitiruvchilari – aniq fanlar oʻqituvchilari – sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik boʻyicha zamonaviy bilimlarga ega boʻlishdi. Bugun ular yangi texnologiyalarni oʻquv jarayonida qoʻllamoqda, oʻquvchilarga raqamli muhitda xavfsiz harakat qilishga yordam bermoqda va bu bilimlarni hamkasblari bilan boʻlishmoqda. Dasturga boʻlgan qiziqish yildan-yilga ortib borayotgani, uning naqadar zarurligini tasdiqlashi alohida quvonarli. Ularning zamonaviy texnologiyalarni egallashga boʻlgan intilishi chinakam hurmatga sazovor», – dedi Beeline Uzbekistan korporativ ijtimoiy masʼuliyat va ESG loyihalari boʻyicha katta menejeri Shahlo Usmonova.
Malaka oshirish sertifikatlari Toshkentda boʻlib oʻtgan tantanali marosimda bitiruvchilarga topshirildi; uzoq tumanlardagi pedagoglar sertifikatlarni elektron shaklda oldi. Dastur tinglovchilarining deyarli yarmini (46%) Andijon viloyati aniq fanlar oʻqituvchilari tashkil etdi.
«Beeline Academy’da oʻqigan uchinchi kursim, va bu vaqtni bekor sarflamadim. Sunʼiy intellekt kursi mening kundalik ishimni oʻzgartirib yubordi: endi dars rejalari, oʻzlashtirishni tahlil qilish, oʻquv materiallari, testlar, taqdimotlar va hatto darslar uchun interaktiv simulyatsiyalarni ham SI yordamida – tezroq va sifatliroq tayyorlayman. Kiberxavfsizlik kursi esa bugungi kunda maktabda ishlash uchun zarur boʻlgan narsani berdi: kiberxavflarni aniqlash hamda oʻz va oʻquvchilarimning shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilish koʻnikmasini. Pedagoglarning kasbiy rivojlanishi uchun bunday imkoniyatlar taʼlimimiz kelajagiga katta hissa boʻlib qoʻshiladi», – dedi Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 158-maktab oʻqituvchisi Nodira Qosimova.
Beeline Academy 2023-yilda ish boshlagan boʻlib, Beeline Uzbekistan AT taʼlimini rivojlantirishga 150 ming AQSH dollari sarmoya kiritdi. 2023–2024-yillarda 50 nafar tinglovchi kiberxavfsizlik kurslarini tamomladi. 2024-yilda 210 dan ortiq informatika oʻqituvchisi neyron tarmoqlar, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik, kibergigiena, Python, 3D-grafika va frontend-dasturlash yoʻnalishlari boʻyicha malaka oshirdi. 2025-yilda esa Beeline Academy va TIUE dasturi doirasida taxminan 1 000 oʻqituvchi oʻquv jarayonida SI texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha kurslarni tamomladi.
Beeline Uzbekistan isteʼdodlarni rivojlantirish va korporativ madaniyatga qoʻshgan hissasi uchun xalqaro EMBRAS mukofoti va Top Employer sertifikatiga sazovor boʻldi.