3-oktyabr kuni Tashkent International University of Education (TIUE)da Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlari uchun IT-mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan Beeline Akademiyasi ochildi.
“Beeline Academy” Oʻzbekistonning yosh fuqarolariga ham onlayn, ham sirtqi taʼlim platformasidan foydalanish imkoniyatini beradi. Xususiy va davlat tashkilotlari maʼlumotlarini ehtimoliy tahdidlardan ishonchli himoya qilishni taʼminlash uchun kiberxavfsizlik boʻyicha mutaxassislarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Ilk bosqichda Beeline Uzbekistan IT-kasblarini ommalashtirish va Oʻzbekiston yoshlarini mamlakat iqtisodiyotini raqamlashtirishda bevosita ishtirok etuvchi sohalarga jalb etishga qaratilgan loyihaga $150 ming sarmoya kiritdi. Universitet bilan hamkorlik yangi ufqlarni ochadi hamda IT-mutaxassislarni tayyorlash tizimi platformasini yaratishga imkon beradi.
TIUE — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining real sektori ehtiyojlari uchun axborot texnologiyalari, taʼlim va biznes boshqaruvi yoʻnalishlari uchun oliy maʼlumotli yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan Oʻzbekistondagi xususiy oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, “Beeline Academy” bilan hamkorlikda respublika boʻylab iqtidorli yoshlar uchun kurslar va treninglar oʻtkazish maqsadida oʻqituvchilarni tayyorlash rejalashtirilgan.
Nosir Xoʻjayev, TIUE rektori: “Taʼlim sohasi har doim ham mehnat bozorining talablari va yangi texnologiyalarning paydo boʻlishi bilan mos kelavermaydi. Shu bois raqamli loyihalarni amalga oshirishda va IT sohasida keng tajribaga ega yirik korxonalarning ishtiroki juda muhim. Biz Beeline Uzbekistanʼga universitetimiz negizida shunday ulkan loyihani yaratgani uchun minnatdormiz. Ishonchim komilki, “Beeline Academy“ bitiruvchilari axborot texnologiyalari sohasida eng muvaffaqiyatli va katta talabga ega mutaxassislar qatoriga qoʻshiladi”.
Andrzej Malinovski, Beeline Uzbekistan bosh direktori: “Yoshlarga sifatli taʼlim berish va raqamli texnologiyalar sohasida korporativ madaniyatni shakllantirish kompaniyaning digital-operatorga aylanish jarayonida muhim vazifaga aylanadi. Biz oʻz oldimizga EduTech yoʻnalishida ham yetakchi boʻlishni maqsad qilganmiz. “Beeline Academy” ishga tushirilishi bu yoʻnalishdagi muhim qadamdir. Yangi taʼlim platformasi yosh isteʼdodlarni oʻqitish imkoniyatlarini yaratib, ularga IT, kiberxavfsizlik va sunʼiy intellekt sohasida ilgʻor bilim va koʻnikmalarni egallash imkonini beradi. Shuningdek, kelgusida hamkorlik qilish uchun talabalar orasidan eng iqtidorlilarini izlab, ularga hamkorlik taklifi bilan murojaat qilamiz”.
“Beeline Academy” loyihasining muhim jihati oʻquv xonalarini tayyorlash va jihozlashdan tashqari, oʻquv jarayonining ajralmas qismiga aylanadigan oʻzining interaktiv videostudiyasini yaratishdir. Studiya doirasida talabalar va oʻqituvchilar masofaviy taʼlimni takomillashtirish, virtual videodarslarni ishlab chiqish, vebinarlar va videokonferensiyalar oʻtkazish, taʼlim jarayonini yanada qulay va interaktiv qilish uchun yuqori sifatli videokontent yaratishga yordam beradigan ilgʻor texnologiyalardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.
Ochilish kunida tarkibiga Beeline Uzbekistan kiruvchi VEON Group bosh direktori Kaan Terzioʻgʻli jonli efirda Beeline Akademiyasi talabalariga murojaat qildi:
“Oʻzbekistondagi ambitsiyalarimiz haqida gapirganimizda, boshidanoq bizning bitta asosiy maqsadimiz bor edi, bu — Oʻzbekistonni mintaqaning IT-markaziga aylantirish. Bu sohada iqtidorli yoshlarni rivojlantirish mamlakatning global raqamli iqtisodiyotga integratsiyalashuviga yordam beradi. Men bu jarayonning bir qismi ekanligimdan faxrlanaman. Kelajakda sizning vazifangiz maʼlumotlarni qayta ishlash, dasturiy taʼminotlarni yaratish va sunʼiy idrokni samarali joriy etish boʻladi. Sizlarga “Beeline Academy”da ajoyib tajriba orttirishingizga tilakdoshman va Beeline Akademiyasi biz Oʻzbekistonda yaratayotgan merosning bir qismi boʻlishini istayman”.
“Beeline Academy” loyihasi talabalarning axborot texnologiyalari boʻyicha universitet oʻquv dasturi doirasidagi darslar bilan bir qatorda soʻnggi amaliy mashgʻulotlar dasturlariga ham kirish imkoniyatini oshiradi.