AQSh kompaniyasining DevOps muhandisi TIUE talabalari bilan uchrashuv oʻtkazdi

Massachusetsda joylashgan Volt Active Data kompaniyasining DevOps muhandisi Xurshid Shaymardanov (PhD) Tashkent International University of Education (TIUE)ning “Axborot texnologiyalari” yoʻnalishi 1-bosqich talabalari bilan uchrashuv (ochiq muloqot) oʻtkazdi.

Uchrashuvda Xurshid Shaymardanov IT sohasidagi zamonaviy mutaxassisliklar, yangi texnologiyalar va bilimlar bo‘yicha motivatsion ma’ruza o’qidi.

Ma’ruzachi bo‘lajak axborot texnologiyalari mutaxassislariga dasturchi-muhandis, ma’lumotlar tahlilchisi, tizim administratori sifatida yoki sun’iy intellektni joriy etish sohasida qanday muvaffaqiyatga erishish mumkinligini aytib berdi.

Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ular, asosan, dunyoning yetakchi IT-kompaniyalarida muvaffaqiyatli erishish uchun qanday ko‘nikmalarga ega bo‘lish kerakligi, masofadan turib ishlashda muvaffaqiyatga erishish va hattoki, o‘z kompaniyalarini qanday ochish mumkinligi haqida qiziqdilar.

Xurshid Shaymardanov axborot texnologiyalari sohasidagi ishlarda har qanday o‘zgarishlarga tayyor bo‘lish, DevOps muhandisi yoki dasturchisi sifatidagi ishingizda zarur bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni o‘z vaqtida o‘rganish va rivojlantirish naqadar muhimligini o‘z tajribasi asosida tushuntirib berdi.

Xurshid Shaymardanovning so‘zlariga ko‘ra, ingliz tilini bilish nafaqat zamonaviy bilimlarni egallash, balki kelajakda yetakchi IT-kompaniyalarda munosib ish topish uchun muhim.