Tashkent International University of Education (TIUE) Axborot texnologiyalari fakulteti bitiruvchilari Yaponiyada ishga joylashish imkoniyatiga ega boʻlishlari mumkin.
Tashkent International University of Education “CAL Co. Ltd” kompaniyasi bilan Yaponiyada bandlik uchun inson resurslarini rivojlantirish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida shartnoma imzoladi.
Bitim Toshkent shahrida joriy yilning 27-iyul kuni TIUE rektori Nosir Xodjaev va CAL Co. Ltd. bosh direktori Akira Maeda imzoladilar.
Mazkur shartnomaning asosiy maqsadi Yaponiya kompaniyalari uchun axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.
Kelishuvga koʻra, TIUE axborot texnologiyalari sohasida zarur bilim va koʻnikmalarga ega, shuningdek, yapon tilida soʻzlashuvchi mutaxassislarni tayyorlaydi, bu esa bitiruvchilarga Yaponiya mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyalashish imkonini beradi.
CAL Co. Ltd, oʻz navbatida, nomzodlarni tanlaydi va sinovdan oʻtkazadi, Yaponiyada ishga joylashish boʻyicha maslahatlar beradi hamda Oʻzbekistonlik mutaxassislarning Yaponiyada muvaffaqiyatli moslashishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.
Ushbu hamkorlik TIUE va CAL Co. Ltd oʻrtasida bilim va tajriba almashish uchun yangi istiqbollarni ochishda, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlashga hissa qoʻshib, taʼlim va axborot texnologiyalari sohasida innovatsiyalar rivojlanishiga, shuningdek, Oʻzbekistonda yoshlarning bandligini taʼminlashga hissa qoʻshmoqda.