Toshkent International University of Educationda (TIUE) bahor bayrami – Navroʻzga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Uch ming yildan ortiq vaqtdan beri nishonlanib kelinayotgan ushbu qadimiy bayram tabiatning uygʻonishi va yorqin umidlar ramzidir. Navroʻz milliy oʻzlikning ajralmas qismi boʻlib, har bir oilaga, har bir xonadonga shodlik baxsh etadi.
Tadbirni TIUE rektori Nosir Xoʻjaev va TIUE Kuzatuv kengashi raisi Sarvar Babaxoʻjaevlar ochib berishdi hamda talabalar va xodimlarni Navroʻz bayrami bilan tabrikladilar. Ularga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilashdi.
Navroʻz bayramini nishonlash anʼanalariga koʻra, sumalak va osh kabi taomlar tayyorlanib, talabalar, xodimlar va universitet mehmonlariga taqdim etildi. Barcha tashrif buyuruvchilar ushbu taomlardan bahramand boʻlishdi va ularning oʻziga xos taʼmini tatib koʻrishdi.
Navroʻz bayrami konsert dasturi bilan davom etdi, unda TIUE talabalari qoʻshiq va raqslar orqali oʻz isteʼdodlarini namoyish etdilar. Shuningdek, talabalar tomonidan turli viloyat va xorijiy davlatlarning taomlari taqdim etilib, ular hakamlar hayʼati tomonidan baholandi hamda eng yaxshi taom tanlab olindi.
Tadbir soʻngida eng yaxshi taom va sport musobaqasi gʻoliblari TIUE maʼmuriyati tomonidan taqdirlandi. Umuman olganda, TIUEda Navroʻz bayramining nishonlanishi barcha ishtirokchilar va mehmonlarga quvonch va zavq bagʻishlagan ajoyib va unutilmas voqea boʻldi.