Tashkent International University of Education (TIUE) xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori lavozimida ishlab kelgan Viktoriya Babaxadjaeva Study UK Alumni Awards xalqaro tanlovining Oʻzbekiston milliy mukofotining “Ijtimoiy faollik” nominatsiyasida gʻolib boʻldi.
Alumni Awards – bu yetakchilik fazilatlari va oʻz sohalarida muvaffaqiyatlari bilan ajralib turadigan Buyuk Britaniya universitetlari bitiruvchilari uchun beriladigan mukofot. Mukofotlar Buyuk Britaniya universitetlari bitiruvchilarining xalqaro obro’sini oshirishga qaratilgan.
Har yili xalqaro mukofotda ishtirok etish uchun 100 dan ortiq davlatdan 1500 dan ortiq arizalar kelib tushadi. Oʻz navbatida, milliy darajadagi mukofot dunyoning 18 ta davlatida, jumladan, Oʻzbekistonda ham oʻtkaziladi. Bu mukofot Oʻzbekistonda ikkinchi yil tashkil etildi.
“Ijtimoiy faollik” nominatsiyasida hozirda Jahon bankida taʼlim boʻyicha mutaxassis lavozimida ishlab kelayotgan Viktoriya Babaxadjaeva gʻolib boʻldi. Bundan avval, u TIUEda xalqaro aloqalar boʻyicha prorektor lavozimida ishlagan.
“Ijtimoiy faollik” mukofoti bilan ijobiy ijtimoiy oʻzgarishlar va boshqalarning hayotini yaxshilash uchun sharoitlar yaratishga alohida hissa qoʻshgan Buyuk Britaniya universitetlari bitiruvchilari taqdirlanadi.
Taʼkidlab oʻtish kerakki, Viktoriya Babaxadjaeva Uels Universitetini bitirgan.