Tashkent International University of Education (TIUE)da Universitetning 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan Strategik rivojlanish rejasida belgilangan maqsad va vazifalarning 2025/2026 o‘quv yilidagi ijrosi tahlil qilindi.
Strategik rivojlanish va monitoring komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan yillik audit davomida boshqaruv va raqamlashtirish, ta’lim dasturlarini rivojlantirish, xalqaro sertifikatsiya, xalqaro hamkorlik, ilmiy faoliyat, talabalar bandligi va infratuzilmani takomillashtirish yo‘nalishlaridagi ishlar hamda erishilgan natijalar o‘rganildi.
Raqamlashtirish va ta’lim dasturlarini rivojlantirish
Universitetda strategik reja ijrosini muvofiqlashtirish va monitoring qilish mexanizmlari bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yildi. 2025-yil noyabr oyida Universitetning ichki ERP tizimi ishga tushirildi. 2025/2026 o‘quv yili davomida tizim imkoniyatlarini kengaytirish va qo‘shimcha boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish ishlari davom ettirildi.
Ta’lim dasturlarini rivojlantirish doirasida yangi bakalavriat va magistratura dasturlarini litsenziyalash uchun zarur hujjatlar 2026-yil fevral oyida belgilangan tartibda taqdim etildi. Dasturlarni ishlab chiqishda xalqaro ta’lim amaliyoti, jumladan OTHM va INTI tajribasi hisobga olindi. Yangi dasturlarni litsenziyalash va ishga tushirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Talabalar uchun xalqaro sertifikatsiya imkoniyatlari
Talabalarning zamonaviy kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash strategik rivojlanishning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
2025/2026 o‘quv yilining dastlabki ikki choragida jami 140 nafar talaba xalqaro va professional sertifikatsiya dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlab, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi. Ushbu dasturlar Cisco, Huawei, Microsoft va boshqa texnologik yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Shuningdek, talabalarni “School 21” dasturiga jalb etish bo‘yicha ishlar olib borildi. Dastlab 3 nafar talaba qabul qilingan bo‘lsa, yil yakuniga kelib Universitetning 14 nafar talabasi ushbu dasturda tahsil olayotgani qayd etildi.
Xalqaro hamkorlik va akademik rivojlanish
2025/2026 o‘quv yilida Universitetning xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish va ta’lim sohasidagi xalqaro tashabbuslarda ishtirokini rivojlantirish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Konyang University, Geely Talent Development Group va OTHM Qualifications bilan hamkorlik yo‘nalishlari rivojlantirildi.
Shuningdek, Universitet World Digital Education Alliance a’zoligiga qabul qilindi. Mazkur a’zolik raqamli ta’lim sohasidagi xalqaro tajribani o‘rganish, ilg‘or ta’lim yondashuvlari bilan tanishish va xalqaro ta’lim hamjamiyati bilan aloqalarni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
National Education Network bilan strategik hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Hamkorlik elektron ta’lim va professional tayyorlov dasturlari, elektron test va proctoring xizmatlari, xalqaro test tizimlari, xalqaro akkreditatsiya dasturlari, stipendiya dasturlari hamda talabalar xizmatlarini rivojlantirish yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Bundan tashqari, INTI bilan Double Degree dasturlarini joriy etish bo‘yicha tegishli hujjatlarni ishlab chiqish ishlari davom ettirildi. Ushbu tashabbuslar xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va talabalarning akademik hamda kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Talabalar bandligi va amaliy tayyorgarligi
Talabalarni mehnat bozoriga tayyorlash va ularning bandligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ish beruvchilar bilan hamkorlik yo‘nalishlari kengaytirildi. Jumladan, UZINFOCOM MCHJ, “Quantum Insurance” AJ va “Kiberxavfsizlik markazi” DUK bilan hamkorlik ishlari olib borildi.
Talabalar uchun Career Fair tashkil etildi, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berishga mo‘ljallangan kanal ishga tushirildi. Shuningdek, talabalarga CV tayyorlash va career.uz hamda workXplorer.uz platformalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Bu ishlar talabalarni ish imkoniyatlari bilan tanishtirish, ishga joylashishga tayyorlash va ta’lim bilan mehnat bozori o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ilmiy faoliyat va tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash
Universitetda ilmiy faoliyatni rag‘batlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarni tadqiqot ishlariga jalb etishga e’tibor qaratildi. 2025/2026 o‘quv yilida ilmiy va reyting ko‘rsatkichlariga hissa qo‘shgan 9 nafar professor-o‘qituvchi rag‘batlantirildi.
Universitet taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Scopus bazasidagi ilmiy maqolalar soni 2023-yilda 9 ta, 2024-yilda 29 ta, 2025-yilda 41 ta va 2026-yilda 55 tani tashkil etdi. Talabalarni ilmiy faoliyatga jalb qilish doirasida ular ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilarga biriktirildi va talabalar ishtirokida 16 ta ilmiy maqola chop etildi.
Universitet ilmiy jurnalining xalqaro va akademik ma’lumotlar bazalarida ko‘rinishini kengaytirish bo‘yicha ham ishlar amalga oshirildi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, jurnal Google Scholar va Crossref tizimlaridan tashqari ORCID, ResearchGate va Publons platformalarida ham namoyish etila boshladi.
Infratuzilma va talabalar uchun sharoitlar
Universitet infratuzilmasini rivojlantirish doirasida yangi yopiq sport zali va 250 o‘rinli oshxona qurilishi bo‘yicha ishlar boshlandi. Akademik resurslarni kengaytirish maqsadida kutubxona fondi 300 ta yangi kitob bilan boyitildi.
Mazkur tashabbuslar talabalar uchun ta’lim olish, mustaqil tayyorgarlik ko‘rish va sport bilan shug‘ullanish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan.
Talabalar qabuli va xalqaro talabalar soni
Talabalar sonini oshirish va qabul geografiyasini kengaytirish bo‘yicha marketing hamda qabul jarayonlari takomillashtirildi. 2025/2026 o‘quv yilida Universitetga 650 nafar talaba qabul qilindi. Keyingi — 2026/2027 o‘quv yili uchun qabul ko‘rsatkichi 1 168 nafarni tashkil etdi.
Xalqaro talabalarni jalb qilish bo‘yicha raqamli marketing vositalaridan foydalanish natijasida xorijiy talabalar soni 2 nafardan 16 nafarga oshdi. 2026/2027 o‘quv yilida Tojikiston, Rossiya, Qirg‘iziston, Misr va Turkmanistondan talabalar qabul qilindi.
Keyingi bosqichdagi ustuvor vazifalar
Yillik strategik audit natijalari Universitet faoliyatining qator yo‘nalishlarida amaliy natijalarga erishilganini ko‘rsatdi. Jumladan, ERP tizimi ishga tushirildi, xalqaro sertifikatsiya dasturlarida 140 nafar talabaning ishtiroki ta’minlandi, School 21 dasturida tahsil olayotgan talabalar soni 14 nafarga yetdi, ilmiy faoliyat rag‘batlantirildi va xalqaro hamkorlik aloqalari kengaytirildi.
Shu bilan birga, strategik maqsadlarni to‘liq amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Keyingi davrda yangi ta’lim dasturlarini ishga tushirish, Double Degree dasturlarini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, talabalar bandligini qo‘llab-quvvatlash va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Universitetda strategik rivojlanish rejasining ijrosini muntazam monitoring qilish, natijalarni aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash va belgilangan vazifalar bajarilishini izchil ta’minlash ishlari davom ettiriladi.
📞 +998 55 512 20 20 | +998 99 560 20 20
🌐 TIUE rasmiy sayti